ISLOM ENSIKLOPEDIYASI
- Author: Ne’matulla Ibrohimov
- Language: O'zbek tilida
- Writing: Lotin yozuvida
- Publisher: «O’zbekiston milliy entsiklopediyasi
- Year: 2004
- Views: 237
ABBOSIYLAR - arab xalifalari sulolasi (750-1258), Muhammad (sav) ning amakilari Abbos avlodlari. Abu Muslim qo‘zg‘oloni natijasida hokimiyat tepasiga kelgan. Dastlabki poytaxti - Kufa sh. "Saffoh" ("Xunrez") laqabi bilan mashhur bo‘lgan Abul Abbos Abdulloh sulolaning birinchi xalifasi edi. Ikkinchi xalifa Saffohning ukasi Abu Ja’far Mansur (754-775) Bag‘dod sh.ga asos solib, poytaxtni shu yerga ko‘chirdi. A. hukmronligining dastlabki davrida mulkchilik munosabatlari o‘sib, savdo-sotiq rivojlandi. Bag‘dod Sharqning yirik savdo markaziga aylandi, ilm-fan ravnaq topib, falsafa, matematika, tabiiyot va b. fanlarga oid ko‘plab asarlar yaratildi. Andalusiya (Ispaniya) dan tashqari butun musulmon mamlakatlari - Mag‘rib, Hindiston, Movarounnahr A. qo‘li ostiga o‘tdi.