CHOL VA DENGIZ
- Author: Ernest XEMINGUEY
- Language: O'zbek tilida
- Writing: Lotin yozuvida
- Publisher: Toshkent
- Year: 1986
- Views: 292
Chol qayiqda yolg‘iz o‘zi Golfstrimda baliq ovlardi. Dengizga chiqayotganiga mana sakson to‘rt kun ham to‘ldi, ammo hali bironta baliq tutganicha yo‘q. U bilan qirq kun bola birga bo‘ldi. Hadeganda qo‘li quruq qaytavergach, ota-onasi unga endi cholning o‘ta-ketgan Salao, ya’ni «o‘lguday omadi yurishmagan odam» ekanini aytib, bundan buyon boshqa qayiqda dengizga chiqish kerakligini qulog‘iga quydilar. Haqiqatan ham birinchi haftaning o‘zidayoq bu qayiqda baliq desa arziguday uchta baliq tutib kelishdi. Deyarli har kuni cholning dengizdan quruq qaytayotganligini ko‘rib bola ichichidan ezilar edi. U cholning uskunalari, changak, garpun va machtaga o‘ralgan yelkanlarini tashishga yordamlashgani qirg‘oqqa kelardi. Dag‘al matodan to‘qilgan yelkan yamalaverib, ola-quroq bo‘lib ketgan, o‘rog‘liq holda yaksoni chiqqan polkning yaloviga o‘xshardi.